Al-Ma’arriy (973–1057). Gullab-yashnash davrining boy adabiyotida
mashhur
arab
faylasuf
shoiri
al-Ma’arriy
alohida
o‘rin
tutadi.
I. Yu. Krachkovskiyning fikricha, u «jahon miqyosida e’tiborga loyiq» inson
bo‘lgan. Uning ijodi islomgacha bo‘lgan shoirlarning falsafiy baytlaridan
boshlanib, Abul Ataxiyaning zuxdiyati va al-Mutanabbiyning tushkunlik holati
bilan sug‘orilgan baytlari orqali o‘tuvchi arab falsafiy she’riyatii rivojini
yakunlaydi.
Al-Ma’arriy ijodini baholashda umumiy fikrga kelinmagan. Garchi barcha
tadqiqotchilar al-Ma’arriy arab va jahon adabiyotida mashhur siymo ekanligini
muqarrar tan olsalar-da, ular unda avvalo shoirni, boshqalar esa ajoyib
mutafakkirni ko‘radilar.
Al-Ma’arriy ijodi shoirning ko‘plab o‘tmishdoshlarida ko‘zga tashlangan
saroydagi rasmiy she’riyatga qarshi turuvchi tanqidiy tamoyillar tufayli yuzaga
kelgan.
Tanqidiy element Shu’ubiylar shoirlari va adiblaridan bo‘lgan Bashshar ibn
Burd, Abu Nuvas, Abdulloh ibn al-Muqaffa kabilarning asarlaridayoq mavjud
bo‘lgan va Mu’taziliy al-Jaxiz ijodida ancha rivojlantirilgan. Biroq arab
adabiyotidagi tanqidiy fikrning cho‘qqisi, shubhasiz, al-Ma’arriy bo‘lgan.
114
Tanqidiy yo‘nalish o‘z mazmunida ham, hayotni baholashda ham rasmiy
saroy she’riyatiga qarshi turadi. Arab hukmdorlari saroylarida shoir deb voqelikni
bo‘yab, hukmdorni va uning ishlarini maqtaydigan shaxsga aytilgan. Asta-sekin,
shahar madaniyati rivojlanishi bilan adabiyotga bo‘lgan munosabat o‘zgargan.
Madaniy ongga shoirlik she’riyati endi inson qadr-qimmati bilan mos
kelmaydigan tuyuladi. Dunyo va insonga yangicha qarash ta’sirida yangi, tanqidiy
yo‘nalishdagi adabiyot shakllandi.
Bu adabiyot avvalo hissiyot emas, balki tafakkur adabiyoti bo‘lgan. U
xarakteriga ko‘ra dunyoviy bo‘lib, hayotga aqidaparastlik kishanlaridan xoli
qarashni aks ettirgan.
Abul Ala al-Ma’arriy Ma’arat an-Numan qishlog‘ida (Shimoliy Suriya)
janubiy arab qabilasi bo‘lgan tanuhdan kelib chiquvchi oilada tug‘ilgan. Uning
otasi bilimdon faqih va tilshunos olim bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotni al-Ma’arriy
uyda olgan, keyinchalik fanlarni Halab, Antiohiya shaharlarida, Latakiya
monastirida (Suriya) va Bag‘dodda o‘z zamonasining taniqli olimlari va
tilshunoslari rahbarligida bilimlarini takomillashtirgan.
Eng hayrli bo’lgan Dajla daryosi suvidan ichdik,
Eng sharif bo’lgan xurmo daraxtlarini ziyorat qildik.
Shoir mazkur baytida Bag’dodning ilm chashmalaridan bahramand bo’lgani
va buyuk allomalarni ziyorat qilganini majoziy ma’noda ifodalagan.
Mening bu tunim qoratanli kelinga o’xshaydi
U bo’yniga yulduzlardan marvarid taqqan.
Bag’dod va uning ahli men haqimda so’raganlarida
Men Antakiya ahlidanman deb javob qildim.
115
Ular
keyinchalik
«Chaqmoqtoshdan uchqunlar» («Saqt az-zand»)
to‘plamiga kirgan. U o‘zining dastlabki she’rlarini, al-Mutanabbiy she’rlariga
sharhini hamda boshqa asarlarini yaratgan.
Onasining kasalligi va o‘limi Abul Alani qadrdon Ma’arat an-Numan
qishlog‘iga qaytishga majbur qilgan. Bu yerda u «ikki tomonlama qamoq
mahbusi» – ko‘rlik (uch yoshida Abul Ala chechak bilan og‘rigan va ko‘rish
qobiliyatidan mahrum bo‘lgan) hamda o’z ona qishlog’idan hech qaerga chiqmay
deyarli 50 yil (1009–1057) yashagan. Shu yerda shoir she’riy kitoblaridan
«Luzumiyat», «Afv etishni so‘rab yozilgan noma» («Risalat al-g’ufron») va
shoirga munosib shuhrat keltirgan boshqa ko‘plab asarlarini yaratgan. Abul
Alaning uyiga xalifalikning barcha tomonlaridan shogirdlari hamda buyuk olim
va shoirning o‘zidan bilim olishni istagan muxlislari oqib kelgan. O‘sha
zamonning buyuk hamda oddiy qiziquvchan odamlari u bilan xat yozishib
turishga intilganlar. Fotimiylar xalifasining Misrdagi noibi mutafakkirni o‘z
poytaxtiga olib kelishga uringan, ammo al-Ma’arriy ma’naviy mustaqillikni
saqlab qolishni istab, noibning taklifini rad etgan. «Hech qachon, – deb yozgan al-
Ma’arriy «Chaqmoqtoshdan uchqunlar» asarining muqaddimasida, – men hech bir
yuqori martabali shaxsga mukofot uchun madhiya yozmaganman».
Al-Ma’arriy o‘z zamonasining nihoyatda bilimdon insoni, islom huquqi va
ilohiyotining bilimdoni, taniqli faylasuf, tilshunos, tarixchi va arab she’riyati
qonunlarining buyuk bilimdoni bo‘lgan. U juda kuchli xotirasi tufayli juda ko‘p
she’riy va ilmiy asarlarni yod bilgan. Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha,
shoir jonli aql va yorqin hozirjavoblikka ega bo‘lgan va shu bilan birga kamtar
bo‘lib, har narsadan, deyarli, tarkidunyochilik darajasida o‘zini tiygan.
Al-Ma’arriy qalamiga taxminan 70 ta she’riy va ilmiy asar mansub bo‘lib,
ular bilimlarning turli sohalariga taalluqlidir. Afsuski, ularning ayrimlarigina
bizga ma’lum.
Al-Ma’arriyning ilk asarlari qatoriga «Yo‘lda tashlab ketilgan» («Mulka-s-
sabil») nomli didaktik risolasi kiradi. Risolaning nomi unda to‘plangan fikrlarni
muallif hayotdan olganligini ko‘rsatadi. Kitobda tarki dunyochilik xususiyatga
116
ega bo‘lgan turli maslaxatlar va axloqqa oid ko‘rsatmalar berilgan . Risola al-
Ma’arriy asarlari uchun odatiy bo‘lgan filologik jimjimadorlik bilan yozilgan. U
arab alifbosidagi harflar soniga muvofiq keladigan kichikroq parchalarga
bo‘lingan. Buning ustiga, parchalardagi ko’rinishlar dastlab qofiyali nasrda
parchadagi harfga mos keladigan qofiya bilan ifodalangan, so‘ngra xuddi shu
qofiyadagi she’rlarda takrorlangan.
Al-Ma’arriy filologik sharhlar tuzishga ko‘p e’tibor bergan. Uning «Ahmad
mo‘’jizasi» («Mu’jiz Ahmad»), «Habib haqida xotira» («Zikra Habib»), «Abas al-
valid» va boshqa asarlarida eng taniqli arab shoirlari (al-Mutanabbiy, Abu
Tammom va al-Buxturiy) ning tanlangan she’rlari hamda she’rlariga yozilgan
sharhlar keltirilgan. Bizgacha uning «Farishtalar haqidagi risola» («Risalat al-
Mala’ka») asari yetib kelgan bo‘lib, uni al-Ma’arriy XI asrning birinchi yarmi
oxirida yozgan. Risolani yozish uchun muallifga noma’lum tilshunos yo‘llagan
savollar ro‘yxatiga ega xat sabab bo‘lgan. Xatga javob tariqasida yozilgan
risolada al-Ma’arriy grammatikaning turli masalalari, jumladan farishtalar ismlari
haqidagi masala yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirgan. «Farishtalar haqidagi
risola» nasr (ba’zan qofiyali nasr) tarzida yozilgan, unga islomgacha bo‘lgan va
islomiyat davridagi arab shoirlari (Zuhayr, al-Xuteya, Umar ibn Abu Rabi’a, Zur
Rumma va boshqalar)ning ko‘plab she’rlaridan parchalar, maqollar, Qur’on
oyatlari keltirilgan.
Risolaning kirish qismida muallif «farishta» so‘zining kelib chiqishi
xususida bir qator mulohazalar keltirgan, bunda Qur’onga va arab shoirlariga
havolalar qilgan. Risolada jannatga kirmay qolgan bir qancha arab olimlari jannat
posboni Ridvondan osmon ahlini arab grammatikasi qoidalariga o‘rgatish uchun u
yerga kiritishini so‘raganliklari hikoya qilingan. Ridvon ularni kiritmaydi. Jannat
darvozasi oldida ilmiy masalalarda bahs boshlanadi. Kelganlar jannatdagi
olimlardan birortasi, masalan, al-Xalil ularning huzuriga chaqirtirilishini talab
qiladilar. Al-Xalil keladi va jannat ahli qadimgi arab tilini juda yaxshi bilishlarini
hamda yerdagi odamlardan farqli o‘laroq til va grammatikani o‘rganishga muhtoj
emasliklarini tushuntiradi.
117
«Kechirim haqidagi risola» 1063 yilda shoirga falsafa, tilshunoslik va
ilohiyotga oid bir qator savollar yuborgan adib Ibn al-Karix xatiga javoban
yaratilgan. Xatning butun ruhi ushbu adibning riyokorligidan, uning har qanday
hurfikrlilik bilan chiqishmasligidan dalolat bergan. U bid’atchilarga va shoirning
do‘stlaridan biri bo‘lgan qandaydir al-Mag‘ribiyga hujum qiladi.
«Risola» qofiyali nasrda ifodalangan va turli-tuman she’riy qism va
sharhlardan iborat. U o‘zaro yaxshi bog‘lanmagan ikki qismga bo‘linadi.
Birinchisi – narigi dunyo haqidagi an’anaviy islom tasavvurlariga taqlid,
ikkinchisi – ibn al-Karixning xatiga javob.
«Risola»ning birinchi qismida xat muallifi ibn al-Karix narigi dunyoga
sayohat qilgani haqida hikoya qilinadi. U yo‘lga maxsus jannat tuyasida yo‘lga
chiqadi. Ibn al-Karix bir necha oy sayohat qilib, issiq va tashnalikdan azoblanib,
jannatga kirishga urinadi. U jannatga boradigan yo‘lni uning yerdagi odamlarni
ko‘p marta aldashiga ko‘maklashgan ojiz she’rlari ochib berishiga umid qiladi.
Biroq muvaffaqiyatsizlikka uchragan ibn al-Karix qilgan ishi uchun chin
ko‘ngildan tavba qiladi va o‘z maqsadiga erishadi.
I. Yu. Krachkovskiy o‘z vaqtida «Risola»ning birinchi qismidagi ayrim
joylari hajviy xususiyatga ega ekanligiga e’tibor qaratgan edi. Ularga, masalan,
Ibn al-Karix qanday qilib jannatga kirgani haqidagi hikoyani keltirish mumkin.
«Risolaning» ikkinchi qismida al-Ma’arriy Ibn al-Karixga javob beradi va
ayni vaqtda ko‘pgina falsafiy va diniy masalalar yuzasidan fikr bildiradi. U o‘zini
mo‘min-musulmon sifatida ko‘rsatib va rasman bid’atni qoralab, aslida
hurfikrlilarning qarashlarini ommalashtiradi.
Dostları ilə paylaş: |