Uran, Neptun, Pluton, asteroid, Ulug‘bek asteroidi, Osiyo asteroidi, Galley kometasi, Neuymin kometasi, selenonim, Kirill krateri kabi astroponimlar ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarda faol ishlatilmoqda, darslik, qo‘llanma hamda turli xarakterdagi lug‘atlarda qayd etilmoqda (Primov, 2009).
Xullas, genetik ko‘rinishi nuqtayi nazaridan o‘zbek tilida qo‘llanuvchi terminlar: a) terminologiya tizimiga tayyor til birligi sifatida qabul qilingan so‘zlar; b) maxsus nom tarzida yasalgan so‘zlarga taqsimlanadi. Bunday ko‘rinishni muayyan lisoniy hodisa va vaziyatlarning mahsuli, deb baholash kerak bo‘ladi.
Tarixiy manbalarda muayyan narsa-predmet, tushunchani ifodalashda ba’zan sinonimik qatorlarning ishtirok etgani kuzatiladi. Masalan: bek-amir,tümän-nάhiya,oƞqol-buranğar,maƞlay–hiravul, yalavac-rasul-qάsid va h.k. Terminologiyadagi sinonimlar o‘zgacha tabiat va boshqa funksiyalarga ega bo‘lgani bois (stilistik vazifa bajarmaydi) ayrim tilshunoslar tomonidan dubletlar deb nomlanadi (Reformatskiy, 1987.91). Sinonimiya (variantdorlik) terminologik sistema shakllanishining boshlang‘ich davrlariga xos, bu davrda variantlar miqdoran ko‘p bo‘lib, eng maqbul terminni tanlash hodisasi hali reallashmagan edi (Danilenko, 1977,73).
Savol va topshiriqlar:
O‘zbek tili ilmiy terminologiyasi necha turdan iborat?
O‘zbek terminologiyasining shakllanishi qachon boshlangan?
O‘zbek terminologiyasining rivojlanishida eski o‘zbek adabiy tilining roli qanday?
Qo‘hna manbalarda qo‘llangan istilohlarning o‘zbek terminologiyasida saqlanish darajasi qanday?
Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy”dostonida ishlatilgan harbiy istilohlar tizimini aniqlashda aqliy hujum usulini qo‘llang: