Turkum. Sebarga (Trifolium L.) - Клевер Tur. O‘tloq sebargasi (Qushqaroq)- Trifolium pratense L
O‘tloq sebargasi dukkakdoshlar oilasiga mansub, bo‘yi 25-50 sm ga etadigan ko‘p
yillik o‘t o‘simlik. Mamlakatimiz tekisliklaridagi o‘tloqlarda, nam yerlarda va suv
yoqalarida o‘sadi. Tibbiyotda yer ustki qismi ishlatiladi. Tarkibida C va B guruh
vitaminlari, karotin, kumarinlar, flavonoidlar (trifolin, kversetin), qandlar, organik
kislotalar va boshqa moddalar bor.
Dorivorlik xususiyati .Yer ustki qismining damlamasi bilan qaynatmasi xalq
tabobatida astma, ko‘kyo‘tal, ko‘krak qisishi, kamqonlik, qon bosimining oshishi,
bezgak, yara, kuygan erlarni, xavfli shishlarni va shamollash kasalliklarini
davolash uchun hamda balg‘am ko‘chiruvchi, siydik haydovchi va antiseptik dori
sifatida qo‘llaniladi. Quritilmagan bargi shirasi shirinchaga davo bo‘ladi, bargini
ezib, yara va shishgan joylarga bog‘lanadi. Ilmiy tibbiyotda siydik haydovchi
vosita sifatida ishlatilinadi. Sebarganing yer ustki qismidan trizoflan preparati
olingan va qonda xolesterin ko‘payish hollarida hamda ateroskleroz kasalligini
davolash va oldini olish maqsadida ishlatishga tavsiya qilingan. Nomlari yuqorida
eslatib o‘tilgan kasalliklarni davolashda xalq orasida sebarganing yana bir turi -
O‘rmalovchi sebarga (Klever polzuchiy) yer ustki qismining damlamasi bilan
qaynatmasi ham qo‘llaniladi.
Turkum. Afsonak, Mastok (Thermopsis R.Br.) — Термопсис
Tur. Afsonak dukkakdoshlar oilasiga mansub, bo‘yi 10-90 sm ga etadigan ko‘p
yillik o‘t o‘simliklardir. Tibbiyotda quyidagi uch turining yer ustki qismi va urug‘i
ishlatiladi:
1.Nashtarsimon afsonak, 2.Ketma-ket gulli afsonak, 3.Turkiston afsonagi
Bu o‘simlik mamklakatimizdagi qora, sho‘r tuproqli hamda qumloq yerlarda, tog‘
yon bag‘irlarida, mayda shag‘alli qiyaliklarda va begona o‘t sifatida bug‘doyzorlar
orasida o‘sadi. Ular zaharli bo‘lib, tarkibida alkaloidlar (termopsin, sitizin,
paxikarpin va boshqalar), saponinlar, glikozid, smolalar, shilliq, oshlovchi va
boshqa moddalar bor. Dori preparatlari - damlamasi, suyuq va quruq ekstraktlari,
sitizin alkaloidi surunkali bronxit va zotiljam kasalliklarida balg‘am ko‘chiruvchi,
sititon nafas olish to‘xtab qolganda (operatsiya vaqtida, yangi tug‘ilgan
chaqaloqlarda va boshqalarda nafas markazini qo‘zg‘atuvchi va qon bosimini
ko‘taruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Quruq ekstraktning o‘zi balg‘am
ko‘chiruvchi va yo‘tal qoldiruvchi dori - pektol, kattalar uchun chiqariladigan
quruq mikstura, yer ustki qismi esa yo‘talga qarshi ishlatiladigan tabletka tarkibiga
kiradi.