Tajriba–sinov ishlari. Tajribalar o‘tkazish o‘quvchilardan ma’lum bilimga
ega bo‘lishni, bilimlarini amaliyotga qo‘llay olish mahoratini, sabr-toqat bilan ish
olib borish kabi jihatlarning bo‘lishini talab etadi. Tajribalar o‘tkazish davomida
o‘quvchilar mustaqil faoliyat olib borish ko‘nikmasini hosil qiladilar. Tajriba
ishlari davomida o‘quvchilarda ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziqish uyg‘onadi. Tajriba
ishlarining maqsadi, mohiyati, rejasi, o‘tkazish tartibi, uning natijalari maxsus
daftarga qayd etib boriladi.
Mustaqil kuzatishlar olib borish.Bu usul o‘quvchilarning bilishga
qiziqishini shakllantiradi, bilimini chuqurlashtiradi, faolligini oshiradi hamda
mustaqil ishlashga o‘rgatadi. Mustaqil kuzatishlar orqali o‘quvchilar
o‘simliklarning tuzilishini, o‘sishini, rivojlanishini, ularda sodir bo‘ladigan
fiziologik jarayonlarni, o‘simliklarga ekologik omillarning ta’sirini o‘rganishlari
mumkin. Mustaqil kuzatishlar tabiatda, maktab o‘quv-tajriba maydonida, tirik
tabiat burchagida olib boriladi. Kuzatish ishlarining mazmuni, maqsadi, olib borish
tartibi, natijalari maxsus daftarga qayd etib boriladi.
Amaliy ishlar.O‘quv yili mobaynida o‘rganiladigan materiallar bilan
bog‘liq bo‘lib, o‘simliklarni ekish, parvarishlash, ko‘paytirish, maktab hovlisini
ko‘kalamzorlashtirish kabi ishlarni olib borishdan iborat bo‘ladi.
Ko‘rgazmalar, mavzuiy kechalar, musobaqalar tashkil etish. Bunday
ishlar o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini, mustaqil ravishda qo‘shimcha
bilimlarni egallashga bo‘lgan ehtiyojlarini va qiziqishlarini rivojlantiradi. Masalan,
o‘quvchilar o‘zlari uylarida parvarish qilgan xona o‘simliklarining ko‘rgazmasini
tashkil etishlari mumkin. Bunda o‘quvchilar o‘zlari o‘stirgan o‘simlikning nomi,
vatani, sistematikada tutgan o‘rni, parvarish qilish qoidalari, o‘simlikning
ahamiyati kabi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashadilar.