7-rasm. Korporativ munosabatlarning ijtimoiy infratuzilma institutlari bilan munosabatlari
Shuningdek, korporativ tuzilmalar konsalting firmalari, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi subektlar, ilmiy tadqiqot muassasalari, birjalar va boshqa ijtimoiy hamda bozor infratuzilmalari subektlari bilan ham moliyaviy munosabatlarga kirishishlari mumkin.
Korporativ tuzilmalarda moliyaviy menejerning roli
Reja:
Korporativ tuzilmalarda boshqaruv tuzilmasi. Korporativ boshqaruv modellari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari.
Korporativ boshqaruvda manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish masalalari.
Moliyaviy samaradorlikni ta’minlash moliyaviy menejerning bosh vazifasi. Moliyaviy menejer – bu biznes egasining agenti bo‘lib, u mulkdor manfaatlari uchun faoliyat yuritishi lozim.
Moliyaviy menejerlik faoliyatining foydani maksimallashtirish, aksiya kursini va biznes qiymatini maksimallashtirishdagi o‘rni.
Moliyaviy menejerning moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish jarayonini boshqarishdagi ahamiyatli jihatlari.
Korporativ moliyaviy boshqaruvning asosiy maqsadi va vazifalari.
1-savol bayoni. Korporativ tuzilmalarda boshqaruv tuzilmasini tahlil qilishda dastlab korxonaning mavjud boshqaruv tarkibini tahlil qilish maqsadga muvofiq. «Struktura» (tarkib) lotincha so‘z bo‘lib, narsalar tarkibiy qismlarining o‘zaro bog‘liq ravishda joylashishi, tuzilishini bildiradi. Boshqarish tarkibi deganda boshqaruv maqsadlarini amalga oshiruvchi va funksiyalarni bajaruvchi bir-biri bilan bog‘langan turli boshqaruv organlari va bo‘g‘inlarining majmui tushuniladi.
Boshqarishning u yoki bu vazifalarini xal kilish uchun muayyan organlar tuziladi. Boshqarish organlari tizimi, quyi organlarning yukori organlarga bo‘ysunishi va ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqa boshqarish tarkibi tushunchasini tashkil qiladi. Bunday tarkib odatda «boshqaruv apparati tarkibi» deb yuritiladi. U biror–bir boshqaruv organining (vazirlikning boshqaruv apparati, korxonaning boshqaruv apparati va x.k.) bo‘limlari tarkibini bildiradi.
Boshqarish tarkibi ishlab chiqarish tarkibi bilan ham ifodalanadi. Bunda boshqarishni tashkil etishning dastlabki va belgilovchi omili ishlab chiqarish jarayoni bo‘lib hisoblanadi. Shunday qilib boshqarishning maqsadlari, funksiyalari, vazifalari, obektlari va organlari uning tashkiliy tarkibini belgilab beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra aksiyadorlik jamiyatlari o‘z uzoq tarixiga ega bo‘lib, ular kapitalning ilk muomalasi paydo bo‘lishi bilan yuzaga kelgan. Bunga misol qilib 1602 yilda Gollandiyada tuzilgan Ost-Indiya kompaniyasini aytishimiz mumkin. Keyinchalik korporativ munosabatlar Fransiya, Angliya, Belgiya kabi mamlakatlarda shakllana boshladi3. XIX asrning oxirlari XX asrning boshlariga kelib AQSH va Yevropa mamlakatlarida transmilliy korporatsiyalarning tashkil topishi va rivojlanishi korporativ boshqaruv bilan bog‘liq yondashuvlar rivojlanishiga turtki bo‘ldi.
1920 yillarga kelib, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari va AQShda yirik korporatsiyalarning shu’ba korxonalari tashkil topdi. Xususiy mulk egalari va mulkni boshqarish bilan bog‘liq masalalar yanada takomillashdi. Natijada yollanma boshqaruvchilar (menejerlar) sinfi yuzaga keldi.
Dunyo amaliyotida korporativ boshqaruviga bo‘lgan qiziqish XX asrning 90 yillaridan yanada ortdi. Bu davrga kelib, Korporativ boshqaruv tamoyillari joriy etildi. Xalqaro global transmilliy korporatsiyalar tashkil topdi. Korporativ boshqaruv modellari joriy etildi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kengashining 1999 yil 26 maydagi yig‘ilishida “Korporativ boshqaruv tamoyillari”ning xalqaro standarti qabul qilindi.
Rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotining jahon xo‘jaligi va iqtisodiy-moliyaviy tizimiga integratsiyalashuvi jahon moliyaviy va iqtisodiy inqiroz yuz bergan sharoitda korporatsiyalarning samaradorligida salbiy oqibatlarni namoyon etdi. Bu esa investitsiyalarning ma’lum tarmoq va sohadan boshqa tarmoq va sohaga keskin ko‘chib o‘tish jarayonlarini tezlashtirdi. Ta’kidlash lozimki, jahonda yuz bergan bunday moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramay, rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotida hamon korporativ tuzilmalarning salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.
Shuning uchun aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruv tamoyillarini keng joriy etish, boshqaruv faoliyatiga xalqaro standartlarni tatbiq etish uchun, avvalo, korporativ boshqaruv mexanizmining zamonaviy amaliyotini o‘rganish lozim. Buning uchun, mamlakatimiz olimlari, mutaxassis va tadqiqotchilari korporativ boshqaruv bo‘yicha katta tajribaga ega davlatlar ilg‘or tajribasini o‘rganish, tahlil qilish va ulardan milliy iqtisodiyotimiz shart-sharoitlariga muvofiq tarzda foydalanish imkoniyatlarini asoslashlari zarur4.
Ma’lumki, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv samaradorligiga ichki omillardan tashqari bir qator tashqi omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bularga milliy an’analar, iqtisodiy rivojlanishning o‘ziga xos xususiyatlari, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi, xususiy mulkchilik munosabatlarning rivojlanganlik darajasi, xususiy mulkning daxlsizligi kabi omillarni ko‘rsatish mumkin.
Shulardan kelib chiqib, dunyo amaliyotida korporativ boshqaruv tizimining o‘ziga xos, bir-biridan ajralib turadigan 3 ta turi: ingliz-amerika, nemis va yapon modellari yuzaga kelgan.
Yaponiya korporativ boshqaruv modelining muhim bir jihati o‘zida yuqori biznes madaniyatni aks ettirib, unda o‘zaro ishonchga asoslangan uzoq muddatli shaxsiy munosabatlar, shartnomalar muhim ahamiyat kasb etadi. Yaponiya modelida aksiyadorlik jamiyatlarining qonunchilik va qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalari tartibga solinishi Amerika modeli ta’sirini o‘zida mujassam etadi.
Dostları ilə paylaş: |