332
Tajriba o‘q otish yakunlanganidan so‘ng, tekshirilayotgan qurolning
iz hosil qiluvchi qismlari xususiy belgilarining barqarorligini aniqlash
maqsadda, tajribadan olingan namuna gilzalar o‘zaro solishtiriladi.
Birinchi navbatda, izlarning takroriyligi, ya’ni qurolning izlarda aks
etgan xususiy belgilarining barqarorligi aniqlanadi.
Tajribadan olingan gilzalardan biri mikroskop ostiga tubi yuqoriga
qaratilib, tik holatda qo‘yiladi. Mikroskop yoritkichining holatini
o‘zgartirib, gilza tubidagi quroldan qolgan izlarning barchasi yaxshi
ko‘rinadigan qilib o‘rnatiladi va fotosuratga olinadi. Izlarning o‘zaro
joylashishi va konturlari, izlardagi ajralib turuvchi elementlari:
konturlarning notekisliklari, relyefdagi chuqurliklar va qabariqlar,
shilinishlar, o‘yiqlar va hokazolar qayd etiladi. Qaysi izlarda aynanlikni
aniqlash imkonini beruvchi qanday elementlar yaxshi ifodalangan bo‘lsa,
uni ham qayd etish zarur. Keyin bu gilzani maxsus tutgichga yotiq
holatda joylashtiriladi va uning sirtidagi izlarni tekshirish uchun
aylantirib ko‘riladi. Aniqlangan izlar qayd etib boriladi va izlar haqida
ma’lumotnoma tuziladi. Bu ma’lumotnoma shartli bo‘lib, faqat
ekspertning ishlashi uchun kerak. Bu ma’lumotnomadagi izlarni
solishtirib, qaysi iz qurolning qaysi qismidan qolganligini aniqlash
mumkin. Tajribadan olingan har bir gilzani shu tariqa tekshirib boriladi
va ulardagi izlar qayd etiladi. Bu gilzalardagi izlar birinchi gilzadagi
izlarga oid ma’lumot bilan solishtiriladi, agar yangi izlar aniqlangan
bo‘lsa, ma’lumotnoma to‘ldiriladi. Keyin tajribadan olingan barcha
namuna gilzalar uchun umumiy bo‘lgan, ya’ni barcha gilzalarda
takrorlanuvchi, barqaror izlar alohida aniqlanadi.
Namuna gilzalar orasidan qurolning qismlaridan qolgan barcha izlar
yoki taqqoslash tadqiqotlari uchun zarur bo‘lgan izlar yaxshi
ifodalanganlik darajasiga ega bo‘lgan bir dona namuna gilza tanlab
olinadi.
Ayrim hollarda, ov miltiqlarini identifikatsiya qilish zarur bo‘lganda,
«o‘qsiz tajribalar» o‘tkazish mumkin. Ya’ni ov miltig‘ining boyok
(urgich) izlariga ko‘ra identifikatsiya qilish talab etilganida, uning
boyogi (urgichi) izlarini olish uchun tajribalarni faqat kapsyul o‘rnatilgan
gilzalar bilan amalga oshirish mumkin.
Dostları ilə paylaş: