Ilk o’spirinlar aql-idrokining xususiyatlari
Ilk o’spirin barcha faoliyat bosqichida mustaqil fikr yurita olmasligi uning
psixikasidagi jiddiy kamchilikdir. Ilk o’spirinlarga adabiy qahramon qiyofasini
ifodalash, asar mohiyati, mazmuni va g’oyasi yuzasidan mustaqil holda hukm va
xulosa chiqarish topshirilganda ular, birinchidan, asarni o’qishgan, biroq hyech
qanday xulosa chiqarishmagan, ikkinchidan, mavzuga ijodiy yondashmasdan
o’qituvchining har bir so’zini esda saqlab olib, hyech o’zgarishsiz qaytadan aytib
berishga harakat qilishgan, uchinchidan, o’zlari maktabdan va sinfdan tashqari
faoliyatlarida eshitganlari, o’qiganlari bilan o’qituvchining axboroti, ma’lumoti
xabarni umumlashtirib javob berishgan, to’rtinchidan, o’z fikrlarini bayon etishga
qiynalganlarida asardan ko’chirmalar keltirishgan.
O’quvchilarda nazariy tafakkurni shakllantirishda to’garak va fakultativ
mashg’ulotlar, kasbiy fanlar muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ilk o’spirin
o’quvchining mustaqil fikrlashini rivojlantirishda o’qituvchilar, sinf rahbarlarining
siymolari muhim rol o’ynaydi. O’qituvchilar ilk o’spirinlarda o’rganilayotgan
narsa va hodisalarning obyektivligi, haqqoniyligi, to’g’riligiga ishonch hosil
qilishlari, ulardan qanoatlantirishlari va ularni isbotlashga o’rgatib borishlari zarur.
Ikkinchidan, fan o’qituvchilari ularni narsa va hodisalar to’g’risida original fikr
yuritishga yo’llashlari kerak. Uchinchidan, o’quvchilarning mashg’ulotlarda
qo’llanaverib, ma’naviy eskirgan bir qolipdagi so’zlardan, iboralardan
foydalanishlariga yo’l qo’ymasliklari kerak. To’rtinchidan, fan o’qituvchilari
o’spirin yigit va qizlarga bilimlarini amaliyotga tatbiq qilishni o’rgatishlari shart,
buning uchun ularda amaliy malakalarni shakllantirishga harakat qilishlari lozim.
Tafakkur boshqa psixik jarayonlardan ajralgan holda rivojlanishi mutlaqo
mumkin emas. Shuning uchun tafakkur rivojlanishi bilan birga o’quvchining nutq
faoliyati ham o’sadi. Bu esa o’quvchida o’z fikrini to’g’ri, aniq ifodalash
malakasini tarkib toptiradi, nutqining tuzilishini takomillashtiradi va lug’at
boyligini yanada oshiradi.
Ilk o’spirin adabiy asarlarni o’qish va tushunish orqali mustaqil fikrlashga,
mulohaza yuritish va munozaraga o’rgana boradi. Unda asta-sekin tabiat va
34
jamiyat o’zining nuqtai nazari, e’tiqodi, qarashi shakllanadi. Ma’lumki shaxsning
ana shu fazilatlari fikrlashi, mustaqil o’ylashi, to’g’ri hukm va xulosa chiqarishi,
qat’iy qarorga kelishining natijasidir.
Yigit va qizlarning adabiy asarni baholashi, u haqda shaxsiy fikrlarini
bildirishi, muammoli tomonlari yuzasidan bahslashuvi va hokazolarda insoniy
xislatlarning muayyan darajada ishtirok etishi aql tanqidiyligining aynan
o’zginasidir. Turmushda uchraydigan noo’rin tanqidiylik esa ilk o’spirinning
badiiy didi va hayotiy tajribasi zaifligidir. O’qituvchi ayni shu paytdagi asosiy
vazifasi − o’quvchilar tafakkuridagi tanqidiylikni haqqoniylik darajasiga
ko’tarishdan, ularga voqyelikka odilona, oqilona tanqidiy nuqtai nazardan qarashni
o’rgatishdan iboratdir.
Mazkur yoshdagi o’quvchi aqlining tanqidiyligida og’machilikka moyillik
kuchli bo’ladi. Og’machilikning eng asosiy sabablaridan biri − voqyelikning
mohiyatini ilmiy jihatdan to’g’ri tushunmaslikdir. Shuningdek, uning “o’z
pozisiyasi”da bo’sh kelmasligi, narsa va hodisalarning asl mohiyatini anglab turib,
jo’rttaga “o’jarlik” qilishi ham ana shu og’machilikning bir ko’rinishidir.
Ularda moddiy dunyo to’g’risida shaxsiy fikrlar, mulohazalar, ilmiy
dunyoqarash tarkib topganidan keyingina tafakkurning tanqidiylik xususiyati
rivojlana boshlaydi. Aqlning yoki tafakkurnnng tanqidiyligini tarbiyalashda
o’qituvchi o’quvchining o’ziga xos tipologik xususiyatiga, aqliy kamolot
darajasiga, bilimlari saviyasiga, mulohaza doirasining kengligiga, nutq
qobiliyatiga, shaxsiy nuqtai nazariga, o’qishga nisbatan munosabatiga,
qiziqishining xususiyat va darajasiga, aqliy faoliyat operasiyalarini qanchalik
bilishiga, mavjud o’qish ko’nikmasi va malakalariga alohida e’tibor berishi lozim.
Aql tanqidiyligining rivojlanishi yangicha ta’lim muassasa o’quvchilarini
moddiy dunyoni, atrof muhitni o’rganishga, o’quv materiallarini puxta
o’zlashtirishga, ta’lim jarayonida tashabbuskorlikka, faollikka da’vat etadi va
bundan tashqari, voqyelikni isbotlash va asoslash ko’nikmalari tarkib topishiga
imkon yaratadi. O’rganilayotgan hodisa to’g’risida hukm va xulosa chiqarish,
tasdiqlash yoki inkor qilish qobiliyatini rivojlantiradi.
Ilk o’spirin tafakkurining sifatini uning mazmundorligi, chuqurligi, kengligi,
mustaqilligi, samaradorligi, tezligi tashkil qiladi. Tafakkurning mazmundorligi
deganda, ilk o’spirin ongida tevarak-atrofdagi voqyelik bo’yicha mulohazalar,
muhokamalar va tushunchalar qanchalik joy olganligi nazarda tutiladi.
Tafakkurning chuqurligi deganda, moddiy dunyodagi narsa va hodisalarning asosiy
qonunlari, xossalari, sifatlari, o’zaro bog’lanishi va munosabatlari ilk o’spirinning
fikrlashida to’liq aks etishi tushuniladi. Tafakkurning kengligi esa o’zining
mazmundorligi va chuqurligi bilan bog’liq bo’ladi. O’quvchi narsa va
hodisalarning eng muhim alomat va xususiyatlarini mujassamlantirsa, o’tmish,
35
hozirgi zamon va kelajak haqidagi mulohazalarini bildira olsa, buni keng tafakkur
deyiladi. Tafakkurning mustaqilligi deganda, ilk o’spirin tashabbuskorlik bilan o’z
oldiga yangi vazifalar qo’ya bilishi va ularni hyech
kimning yordamisiz oqilona
usullar bilan bajara olishi tushuniladi.
Aqlning tashabbuskorligi deganda, ilk o’spirinning o’z oldiga yangi g’oya,
muammo va vazifalar qo’yishini, ularni amalga oshirishda samarador vositalarni
ham o’zi topishga intilishini anglaymiz. Aqlning pishiqligi vazifalarni bajarishda
yangi usullarni tez izlab topish va qo’llay olishda, eskirgan vositalardan qutulishda
namoyon bo’ladi. Agar o’quvchi muayyan vaqt ichida ma’lum soha uchun
qimmatli yangi fikrlarni aytgan bo’lsa, nazariy va amaliy vazifalarni hal qilishda
yordam bersa, buni samarador tafakkur deyiladi. Tafakkurning tezligi savolga
to’liq javob olingan vaqt bilan belgilanadi. Ilk o’spirin tafakkurining tezligi qator
omillarga: birinchidan, fikrlash uchun zarur materialning xotirada mustahkam
saqlanganligiga, uni tez yodga tushira olishga, muvaqqat bog’lanishning tezligiga,
turli his-tuyg’ularning mavjudligiga, o’quvchining diqqati va qiziqishiga;
ikkinchidan, uning bilim saviyasiga, qobiliyatiga, egallagan ko’nikma va
malakalarga bog’liqdir.
Ilk o’spirin qobiliyati, layoqati va iste’dodi ta’lim jarayonida mehnat
faoliyatida rivojlanadi. Uning qanchalik iste’dodli ekanini aniqlash uchun
ziyrakligi, jiddiy sinovga shayligi, mehnatga moyilligi, intilish, psixik tayyorligi,
mantiqiy fikrlashining tezligi, izchilligi, samaradorligiga e’tibor berish kerak.
Qobiliyatning o’sishi bilimlar, ko’nikmalar, malakalarning sifatiga bog’liq bo’lib,
shaxsning kamol topish jarayoniga qo’shilib ketadi.
Ilk o’spirinlikda o’tiladigan darslar, laboratoriya ishlari va amaliy
mashg’ulotlar, referat konspekt yozish kabi ta’limiy faoliyat turlari yangicha ta’lim
muassasi o’quvchilari o’zlashtirishi zarur materiallarni mustaqil holda tushunishga
olib keladi. Bu ishlar kundan-kunga ko’proq ahamiyat kasb etishi natijasida ta-
fakkur tobora faol, mustaqil, ijodiy tus olib boradi. Bularning barchasi ilmiy-
nazariy tafakkurning shakllanishiga, tevarak-atrofdagi voqyelikning umumiy
qonuniyatlarini bilish qobiliyati o’sishiga, aqliy imkoniyatlar vujudga kelishiga,
tabiat va jamiyat rivojlanishining qonunlarini anglab olishga muhim shart-
sharoitlar yaratadi.
Ilk o’spirinlar biror hodisani asoslagan, isbotlagan paytlarida uning muhim
xususiyatlariga, birlamchi jihatlariga sinchkovlik bilan qaray boshlaydilar.
Darsliklardan o’qigan va o’qituvchilardan eshitgan axborotlar, xabarlar va
ma’lumotlarga ishonish va ulardan qanoat hosil qilish uchun faol harakat qiladilar,
biroq ularda o’smirlar singari obro’ ketidan ergashish juda kam sodir bo’ladi. Ular
har bir darsda tanishilgan materiallarning mohiyatiga, inson uchun zarurligiga
ishonch hosil qilishga to’xtovsiz intiladilar. Ba’zan ta’lim jarayonida shaxs
36
tomonidan biror narsaga e’tiroz bildirsa yoki shubhalansa, uni nohaq ravishda
qoralaydi. Tafakkurni oqilona yo’llar bilan o’stirish uchun favqulodda holatlarda
o’quvchining mazkur xususiyatini yomonlamay, balki uni rag’batlantirish
to’g’riroq bo’ladi.
Ilk o’spirinlik yoshida kollej o’quvchilari aqliy faoliyatning omillari va
usullari bilan yetarli darajada qurollangan bo’ladilar.
Shunday qilib, ta’lim jarayonida turli fanlarni o’qitish tufayli keng ko’lamli
bilimlar sistemasi o’zlashtirilishi orqali kollej va akademik lisey o’quvchilarida
tafakkurning faolligi, mustaqilligi, mazmundorligi, mahsuldorligi ortadi. Ularda
dialektik-refleksiv nazariy tafakkur tarkib topadi. Shu sababli voqyelikning ichki
bog’lanishlari, munosabatlari jamiyat rivojlanishining qonunlarini bilish va anglab
olish ko’nikmasi yuqori pog’onaga ko’tariladi.
Agar o’smirlar tafakkuri yaqqol-obrazli tafakkurning mavhum tafakkurga
aylanishi bilan xarakterlansa, bu yoshdagi o’quvchilarda dialektik-kreativ tafakkur
qobiliyati rivojlana boshlaydi va bu tafakkur tabiat hamda jamiyat rivojlanishining
umumiy qonunlari bilan bevosita bog’liq bo’ladi. Mazkur qonunlarning vujudga
kelishi, o’zgarib borishi, o’ziga xos xususiyatga ega bo’lishi, shuningdek, o’zaro
uzviy bog’liqligiga doir murakkab bilimlar ularning yosh xususiyatiga aynan
mosdir.
Dostları ilə paylaş: |