OLTINCHI ASL Uzlatda (yolg‘izlikda) bo‘lmoq odoblari Bilgilki, ulamolar ixtilof qilibdurlarki, uzlat (kishilardan chetlashish, yolg‘izlikni
ixtiyor qilmoq) va go‘shanishin bo‘lmoq yaxshiroqmu yo xalqg‘a (odamlarga)
aralashmoq yaxshiroqmudur? So‘fyon Savriy va Ibrohim Adham va Dovud Toiy va
Fuzayl Ayoz va Xavos va Xuzayfa bin Iyso va Bishr Hofiy va boshqa muttaqiylar,
aksari rahmatullohi alayh uzlat va go‘sha tutmoq fozilroq debdurlar.
Va ulamoi zohiriydan jamoa ulug‘lar xalqg‘a aralashmoqni ortiqroq ko‘ribdurlar. Hazrati
Umar roziyallohu anhu ayturlar: «Uzlatdan nasiba saqlag‘il». Va Ibn Sirin aytur: «Uzlat
ibodatdur». Bir kishi Dovud Toiyg‘a dediki, «Menga nasihat bergil». Dovud aytdi: «Ro‘za
tut, to o‘lmaguncha og‘iz ochmag‘il va xaloyikdan qochgil, to sherdan qochqondek».
Hasan Basriy aytur: «Tavrotda ko‘rdim. Odamiki, qanoat qilsa, behojat bo‘lur va
xalkdan uzilsa salomatlik topur va shahvatni past qilsa, ozod bo‘lur. Hasad
qilmoqdan xalos bo‘lsa, muruvvati zohir bo‘lur va necha kun sabr qilsa, jovid (doimo,
abadiy) bahramandlik va osoyishtaliqg‘a yetar».
Vahb ibn al Vard aytur: «Uzlatga doir hikmat o‘ntadur. To‘qqizi xomushlikda (tilni
tiyish va sukut etmaklik), o‘ninchisi xona va yolg‘izlikdur». Robe’ ibn Xaysom va
Ibrohim Nahaiy ham ayturlarki, «Ilm o‘rgangil, xaloyiqdan go‘sha tutqil». Va Molik ibn
Anas avval holda birodarlari ziyoratiga va bemorlar iyodatig‘a va janoza orqasidan borur
edilar. Keyin bu ishlarni birin-birin tark qilib, xilvatda bo‘lur edilar.
Fuzayl ibn Ayoz aytur: «Juda minnatdorman ul kishidankim, menga muloqot
bo‘lib, salom qilmasa va kasal bo‘lsam, so‘ramasa». Sa’d bin Vaqqos va Sa’d bin
Zayd sahobalarning ulug‘laridan edilar, roziyallohu anhum Madinaga yaqin Aqiq degan
yerda manzil tutdilar. Jum’a namoziga keldilar, undan bo‘lak bormadilar to vafot