www.ziyouz.com кутубхонаси
5
Qur’on hofizlariga har yili 300 ming dinor mablag‘ sarflaydi, agar shuncha pul sipohiylarga
berilsa, Kunstantiya darvozasi allaqachon ochilar edi», - deyishdi. Sulton o‘z vaziri Nizomul-
Mulkni chaqirib: «Nima gap?» - deb so‘radi. Vazir dedi: «Olampanoh, sultonim. meni qul qilib
sotsang, 3 dinorga xam olmaydilar. Shunday ekan, Haq taolo sen bilan meni siylab
shunday ko‘p boyliklar ato qilibdi, dunyoda hech kimni bunchalik siylamagan. Shularning
hammasini sen bilan bizga ato etgan Allohning ulug‘ kitobini yodlab bizga yetkazgan ulamolar
300 ming dinorga arzimaydimi? Sening eng mohir merganing yoy o‘qini 1 mil (2 km) dan
oshirmaydi. Agar qilich ursa, yonida turgan odamga yetadi xolos. Ammo haligi mablag‘ni men
shunday lashkarga bermoqdamanki, bular duo, ibodat qilganida (quvvati) Arshi a’loga yetib
boradi. Va bu duolarning Alloh dargohiga yetishiga dunyoda hech bir kuch to‘sqinlik qila
olmaydi».
Sulton Malikshoh bu so‘zlarni eshitib, ko‘zlariga yosh oldi va «Sen shu lashkarlarni
(ulamo, Qur’on hofizlarini) ko‘paytiraver. Dunyoning bor xazinalarini sening poyingga
tashlayman!», - dedi.
«Zubdatut - tavorix» («Tarixlar qaymog‘i») muallifining yozishicha Nizomul-Mulk vazirlar
orasida birinchi bo‘lib jasur lashkarboshilarga yer-mulklarni iqto’-sovg‘a qilib bera boshlagan. U
Arab Iroqi, Ajam Iroqi va Xurosondagi juda ko‘p viloyatlarda «Nizomiya» madrasalarini
qurdirgan. Abu Homid G’azzoliy Xuroson va Bag‘doddagi ana shunday madrasalarda
minglab talabalarga ilohiyot, Qur’on va Hadisdan saboq bergan.
Eron, Hindiston, Iroq va Xurosonni o‘z tasarrufiga Oltan g‘aznaviylarning buyuk
davlatni o‘zaro nizolar zaiflashtirgach, tarix maydoniga chiqqan saljuqlar ana shu
bepoyon xududlarda nisbatan tinchlik, osoyishtalik o‘rnatdilar. Saljuq sultonlari Alp Arslon,
so‘ng Malikshoh, uning ma’rifatli vaziri Nizomul-Mulk zamonida ilm-fan va
madaniyatning turli soxalari gullab-yashnadi. Shu davrlarda yetishib chiqqan Nizomiy
Ganjaviy, Afzaliddin Hoqoniy, Umar Xayyom, Adib Sobir Termiziy, Rashiduddin Vatvot,
Mahmud Zamaxshariy, Fahoiddin Roziy, Fahoiddin Gurgoniy, Yusuf xos Xojib, Farididdin
Attor, Abu Homid G’azzoliy kabi mutafakkir, mutasavvif allomalar Sharq ma’rifatini, ilm-
fanini yuksaklarga ko‘tardilar. Bulardan avvalroq Forobiy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino
kabi allomalarning ijodi tufayli aniq fanlar tez rivojlanib, hurfikrlik keng yoyildi, diniy,
ma’naviy bilimlarga e’tibor pasaydi. Mana shunday sharoitda buyuk faylasuf Abu Homid
G’azzoliy aniq fanlarni yerga urmagan holda «Ihya al-ulum ad-din» («Din ilmlarining
tirilishi») asarida ma’naviyatdan uzoqlashib ketgan moddiyunlik ta’limotlariga katta
zarba berdi.
G’arb olimlarining e’tirof etishlaricha bu zarbadan so‘ng moddiyunlik ta’limotlari
bir necha asrgacha o‘zini o‘nglay olmadi. Ba’zilar bu fikrga qo‘shilmaydilar. Sababi
«Kimiyoi saodat»da G’azzoliy tabiiy ilmlarga ham hurmat bilan qaraydi. U tib ilmini
ham chuqur tushuntiradi.
Daho shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy «Farhod va Shirin» dostonida imom
G’azzoliyning shu fikrini tasdiqlab:
Ulum ichra o‘qur ersang yuz tuman fasl, Tamomi far’u din ilmi erur asl - deydi.
Ya’ni, din ilmi - asl ildiz, boshqa ilm-fanlar esa uning shox-shabbalari, juz’lari,
qismlaridir. Zero. din, axloq, ma’naviyat olimlari payg‘ambar vorislaridir. Shuning
uchun Navoiy:
«Birovkim qilsa olimlarga ta’zim, Qilur go‘yo payg‘ambarlarga ta’zim», - deydi.