www.ziyouz.com kutubxonasi
6
jism bilan kurashadi, o‘z asli — mutlaq ruhga borib qo‘shilishga intiladi, deya talqin qilingan. «Jonim
og‘zimga keldi», «jon rishtasi», «joni kirdi» qabilidagi xalq iboralari ham shu tasavvurlar ta’sirida
tug‘ilgan. Mazkur tasavvurlar, shu bilan birga, abadiy hayot haqidagi, Masih (Iso), Xizr to‘g‘risidagi
armonli rivoyatlarning yaratilishiga ham sabab bo‘lgan. Go‘yo Masih o‘z nafasi bilan o‘lgan odamni
tiriltirar, Xizr bo‘lsa obi hayot — tiriklik suvini topib ichgani uchun mangu yashab, odamlarni ezgulik
manbaiga yetaklar emish...
Alisher Navoiy tasvirlagan oshiqning sevgan yori xuddi shunday nafasli kishi, uning lablari o‘likka
ham jon bag‘ishlay oladi, bu lablardan o‘pgan oshiq abadiy hayot topadi. Faqat bu emas. Jonon
lablarining har biri alohida-alohida sehr ko‘rsatish qudratiga ega va sohirlik ishida ular g‘oyat inoq-
ittifoqdirlar. Qisqasi, g‘azalning ushbu rivoyatga asoslangan birinchi baytining mazmuni bunday:
«Jonginam, lablaringning har biri o‘lgan odamni tiriltirishda jon o‘rnidadir, ular ikkovi bu ishda juda
inoqdirlar». Baytdagi «jonon» so‘zining inoq, ittifoqdan tashqari, yana bir — jonga jon, jon berib jon
olish degan qadimiy ma’nosi ham bor. Masalan, urushda fidoyilik ko‘rsatgan kishilarga nisbatan
shunday deyilgan. Navoiy gazalga bu ma’noni ham singdira olgan: jononning ikki labi oshiqqa jon
bag‘ishlashda bir-biri bilan tortishib, bahslashadi — biri jon olsa, ikkinchisi jon ato etadi. Ha, bu yor
diydoriga mushtoq, ko‘ngli muhabbat bodasi-la limmo-lim odam uchun tabiiy holdir. Oshiq jonon
yodida shunchalik aziyat chekadiki, o‘zining bor-yo‘qligini unutib qo‘yadi, biroq jonon huzuri, visol
uni qayta o‘ziga keltiradi, tiriltiradi. Visol lahzasidagi bu ruhiy holat, qoniqish, yor lablaridan olingan
bo‘saning lazzati jonga beqiyos huzur bag‘ishlaydi. Jon jonon bilan qovushib, yo‘q-yo‘q, birlashib
ketadi. Ular orasida hech qanday farq qolmaydi: jon — jononga, jonon esa — jonga aylanadi. Ya’ni:
«Jonim jonondan shu darajada to‘yib qoniqdiki, qaysisi jon, qaysi biri jonon ekanini bilmay qoldim —
jon bo‘lsa, jonon qani, jonon bo‘lsa, jon qani?» Birinchi baytning bevosita davomi bo‘lmish ikkinchi
baytiing mazmuni shundan iborat.
Muhabbat qiyomida oshiqning «budu nobudu teng bo‘lib» qolishi, jonon jilvasida erib ketishi
Navoiy ijodida ko‘p marotaba uchraydigan xush tasvirlardan. Chunonchi, shoir boshqa bir g‘azalida
bunday deydi: «Yor budi ichra nobud o‘lg‘amenkim, o‘rtada o‘zgalikdan demakim, o‘zlikdan osor
qolmag‘ay». Ishq tariqati shuki, agar bu yo‘lga kirgan odam haqiqiy oshiq bo‘lsa, u o‘zini
ma’shuqaning bir bo‘lagiga aylantirishi, orada «u» — «men» degan farqlanishga o‘rin qoldirmasligi
kerak. Axir, visol chog‘ida yuz beradigan muhabbat qiyomi «O‘zni unutish va mahbubdan ayri
tasavvur qilmaslikdir» (Shoh Inoyatullo, «Kashful mahjub», 19-bet). Bu oshiqni beqaror orziqib
kutgan dam, uning uchun oliy mukofot. Chunki oshiqning ko‘ngli va joni tinimsiz ravishda jononga
qarab intiladi, jononsiz yashashni do‘zax azobi deb biladi. Zotan, jononsiz jonning unga keragi yo‘q.
Jononsiz jon tanni ham qiynoq va uqubatlar girdobiga soladi.
Jonning doimiy suratda jononga talpinishi, visolga tashnaligini insonning o‘z Idealiga, butun fayzu
fazilati, pok axloqi, ichki ma’naviy dunyosining ko‘rkam, nurafshonligi bilan jozibali bo‘lgan do‘st
sari intilishi deb bilmoq kerak. Do‘st — kishining sevgan yori ham, e’tiqod-imon timsoli ham, ezgulik,
adolat va haqiqat hamdir. Yaxshi insonni sevish — hayotni sevish, hayotni sevish — haqiqatni, haqni
sevish demakdir. Buyuk Navoiy xayolotida yetilgan Jonon obrazida bu tushunchalarning bari
mujassam. Shu ma’noda jononga bo‘lgan muhabbat real turmush, muhitdan qoniqmagan, zulm va
zo‘rlik pajmurda etgan, dunyoning notekis va noto‘kisligidan ozurda ko‘ngilning qidirgan oromgohi,
sig‘inadigan va suyanadigan yagona panohxonasi bo‘lganini unutmaydi. «Xazoin-ul maoniy»
debochasida shoir o‘z g‘azallarining yozilishiga sabab bo‘lgan hayotiy turtkilarni bunday qayd etadi:
«Oldimga ancha dushvorliqlar yuzlandi va tegramga ancha sa’b giriftorliqlar aylandi va boshimg‘a
sipehr ancha balo toshini otdi va ishq sipohining lagadko‘bi zaif paykarim bila so‘ngaklarimni oncha
oyoq ostida ushotdikim, ne so‘zimdan xabarim, ne o‘zlugim bilan o‘zumdin asar qoldi». Bu ahvolimni
sharh etsam tushunadigan bir mushfiq inson topolmadim, shu bois dardlarimni she’r qilib yozdim,
deydi Navoiy.
Yorga bo‘lgan ishqning shiddat va sharofatini shu taxlit kamoli e’tiqod bilan ta’riflab kelib, ulug‘
Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar
Dostları ilə paylaş: |