29
ko‘pchilik mualliflar tomonidan haqqoniy ravishda ko‘rsatilgan
predmetning o‘ziga xosligi va moliya huquqi uslubini hisobga olgan
holda, mazkur munosabatlarning asosiy xususiyatlari quyidagilardan
iboratdir:
birinchidan
, moliyaviy-huquqiy munosabatlar faqat davlat pul
jamg‘armalarini rejali tashkil etish, taqsimlash va ulardan foydalanish
jarayonida yuzaga keladi. Demak, moliyaviy-huquqiy munosabatlarning
belgilovchi xususiyati shundan iboratki, ular asosan davlat va ijtimoiy
hayotning maxsus sohasida, ya’ni davlatning aynan moliyaviy faoliyati
sohasida tarkib topadi;
ikkinchidan
, moliyaviy-huquqiy munosabatlar ko‘pincha mulkiy
munosabatlarning turlaridan hisoblanadi,
chunki ushbu munosabatlar
obyekti sifatida pul mablag‘lari qatnashadi. Demak, pul munosabatlari
markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan pul mablag‘lari jamg‘ar-
malarini tashkil etish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yuzaga
keladi.
Ayrim hollarda moliyaviy munosabatlar boshqa munosabatlarni,
masalan, turli darajadagi budjetlar va boshqa moliyaviy rejalarni tuzish,
ko‘rib chiqish va tasdiqlash, moliyaviy-huquqiy munosabatlar barcha
qatnashchilarining davlat tegishli pul mablag‘larini tashkil etish,
taqsimlash va ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyati qonuniyligini
nazorat etish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa munosabatlarni tashkil etish
hamda rejalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Garchi mazkur holda
moliyaviy-huquqiy munosabatlar obyekti bevosita pul mablag‘lari
bo‘lmasa ham, bu moliyaviy-huquqiy munosabatlar barcha majmuining
mulkiy xususiyatga ega ekanligini inkor etishga sabab bo‘lmaydi. Gap
shundaki, budjetlarni tasdiqlash bilan bog‘liq bo‘lgan tashkiliy
harakatlardan keyin
ularni ijro etish boshlanadi, ushbu jarayonda pul
mablag‘larining budjetlar daromad qismiga kelib tushishi va bu
mablag‘larning budjetdan ajratilgan mablag‘lardan aniq foydalanuv-
chilarning ixtiyoriga berilishi bilan bog‘liq bo‘lgan harakati amalga
oshiriladi. Shunday qilib, moliyaviy-huquqiy munosabatlar hamma vaqt
pul mablag‘lari sababli yuzaga keladi;
uchinchidan
, moliyaviy-huquqiy munosabatlar tomonlaridan biri
sifatida hamma vaqt davlat yoki uning vakolatli organi qatnashadi.
Moliyaviy-huquqiy munosabatlarning mazkur xususiyati shu bilan
izohlanadiki, moliyaviy-huquqiy munosabatlarning asosiy obyekti
hisoblangan moliyaviy faoliyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita davlatning
30
xohish-irodasi va manfaatlarini ifodalaydi. Ayni shu davlat butun jamiyat
manfaatlari yo‘lida markazlashtirilgan pul mablag‘lari jamg‘armalarini
yaratadi va tasarruf etadi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani moliyalashtirishni
tashkil etadi.
Moliyaviy faoliyat, ilgari qayd etilganidek, vakillik
qonunchilik
organlari tomonidan ham, ijroiya hokimiyat organlari tomonidan ham
amalga oshirilib, ular tegishli davlat-hokimiyat vakolatlariga egadir. Shu
boisdan moliyaviy-huquqiy munosabatlar ularda ommaviy-huquqiy
manfaatni namoyon etadigan tegishli subyekt albatta ishirok etgan
taqdirdagina yuzaga keladi.
Moliyaviy-huquqiy munosabatlar davlat-hokimiyat xususiyatisiz
mavjud bo‘lishi mumkin emasligi va ularning mulkiy, pul munosabatlari
bilan chambarchas uzviy bog‘liqligi
sababli moliya huquqiga oid
adabiyotlarda ular
hokimiyat-mulkiy munosabatlar
sifatida ta’riflanadi.
Moliyaviy-huquqiy munosabatlarni huquqiy munosabatlarning
mustaqil turiga ajratish uchun qayd etilgan barcha xususiyatlarning
birgalikdagi majmuiga ega bo‘lish lozim. Ko‘rsatilgan xususiyatlardan
hyech bo‘lmasa bittasining yo‘q bo‘lishi shundan dalolat beradiki, mazkur
holda gap huquqiy munosabatlarning boshqa turlari haqida ketishi
mumkin. Masalan, huquqning boshqa
tarmoqlari, xususan fuqarolik
huquqi normalari (qarz shartnomasi, kredit shartnomasi) bilan tartibga
solinadigan ijtimoiy munosabatlar mulkiy xususiyatga ega bo‘ladi. Ammo
bu yerda faqat moliyaviy-huquqiy munosabatlarning o‘zigagina xos
bo‘lgan boshqa xususiyatlar yo‘q. Fuqarolik-huquqiy munosabatlari, bir
tomondan, davlat moliyaviy faoliyati bilan bog‘lanmagan, ikkinchi
tomondan esa, ushbu munosabatlar subyektlari turli huquqlarga ega
bo‘lib, o‘zlarining o‘zaro munosabatlarini shartnoma asosida quradilar,
ya’ni ularda hokimiyat xususiyati yo‘q. Boshqa misol sifatida ma’muriy
huquqiy munosabatlarni havola qilish mumkin, ular ham, moliyaviy-
huquqiy munosabatlar kabi, hokimiyat-mulkiy xususiyatga ega bo‘lib,
tomonlardan biri sifatida hamma vaqt ijroiya
hokimiyat organi
qatnashadi. Shu bilan birga, ushbu munosabatlar davlat pul mablag‘lari
jamg‘armalarini tashkil etish, taqsimlash va ulardan foydalanish bo‘yicha
davlat moliyaviy faoliyati bilan bog‘lanmagan.
Moliyaviy-huquqiy munosabatlarni huquqiy munosabatlarning
boshqa turlaridan aniq ajratish davlat moliyaviy faoliyati sohasida
moliyaviy huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash uchun katta amaliy
ahamiyatga egadir.