“Ilk qadam”davlat o’quv dasturi asosida maktabgacha ta’lim tashk-fayllar.org (1)
16. Mavzu: Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o’quv faoliyatini tashkil etish.
Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi hisoblanadi. U bolaning sog‘lom va rivojlangan shaxs bo‘lib shakllanishini ta’minlab, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini uyg‘otadi, tizimli o‘qitishga tayyorlab boradi. Shunday ekan, bu tizim faoliyatini yanada kuchaytirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga maktabgacha yoshdagi bolalarni keng jalb etish farzandlarimizning barkamol va yetuk shaxs bo‘lib shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasida inson o‘z hayoti davomida oladigan barcha ma’lumotning yetmish foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olib ulgurishi aniqlangan. Darhaqiqat, bu davrda inson bolasi dunyoni anglaydi, o‘z ona tilini o‘zlashtiradi, ota-ona, oila, mahalla, Vatanga mehri uyg‘onadi, umr davomida oladigan bilimlarga zamin hozirlaydi. Bunda, eng avvalo, oila asosiy rol o‘ynasa, maktabgacha ta’lim tashkilotining hissasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mamlakatimizda aynan maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining ajralmas bo‘lagiga, ta’bir joiz bo‘lsa, uning debochasiga aylangan. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bu tizimga alohida e’tibor qaratmoqda. Maktabgacha ta‘limsohasiga doir qator tarixiy qarorlar qabul qilinmoqda. Maktabgacha ta’lim sohasi uzluksiz ta’lim tizimining birlamchi bo’g’ini, respublikada ta’lim-tarbiya tizimi va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo’nalishi ekanligini muhtaram Prezidentimiz qabul qilayotgan Qaror va farmoyishlarida bayon etilgan.
Maktabgacha ta’lim bola shaxsini sog’lom va yetuk maktabda o’qishga tayyorgarlik darajasida shakllantirish maqsadida tashkil etiladi. Ushbu ta’lim bolaning 3 yoshdan 7 yoshga to’lgunga qadar maktabgacha ta’lim tashkilotlari va mulk shaklidan qat’iy nazar ta’lim tashkilotlarida olib boriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar rivojlanadilar va ta’lim – tarbiya oladilar. Ularning sog’ligi mustahkamlanadi, o’z-o`ziga xizmat ko`rsatish ko’nikmalarini hosil qiladi. Ularda mehnatga muhabbat uyg’onadi. Kattalarni hurmat qilish hamda vatanparvarlik tuyg’ulari tarbiyalanadi. Bolalar maktab ta’limi uchun bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko’radilar.
Maktabgacha ta’lim sog’lom, har tomonlama yetuk bolalarni tarbiyalash uchun zarur tashkiliy, uslubiy, psixologik, pedagogik shart-sharoitlar yaratadi. Bolalarni maktabda muntazam ravishda ta’lim olishga tayyorlashda ota-onalarga yordam beradi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari – O‘zbekiston Respublikasidagi ta'lim muassalarining turi bo‘lib, turli yo‘nalishdagi maktabgacha bo‘lgan davrdagi umumta'lim dasturlarini amalga oshiradi.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlari 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalashni, o‘qitishni, nazorat qilishni, parvarishlashni va sog‘lomlashtirishni ta’minlaydi. Maktabgacha ta’lim - maktabgacha yoshdagi bolalarning qiziqishi, individual ruhiy holati va ehtiyojlarini hisobga olgan holda bolalarga ta’lim-tarbiya berishga yo‘naltirilgan jarayon hisoblanadi. Bu jarayon bolalarda ma’naviy me'yorlarning shakllanishi, hayotiy va ijtimoiy tajriba egallashiga qaratilgan jarayon hisoblanadi. Hozirgi kunda rivojlanib borayotgan yurtimizning jahon hamjamiyatida qay darajada o‘rin egallashi, o‘sib kelayotgan yosh avlodga bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, yosh avlodning qanchalar bilimli, yеtuk, komil, erkin fikrlaydigan va o‘z menini yarata oladigan, qisqa qilib aytganda yurt uchun o‘z hissasini qo‘sha oladigan bo‘lib yеtishishi ta’lim tizimiga qo‘ygan ilk qadami bilan boshlanadi. Bola maktabgacha ta’lim tashkiloti ostonasiga qo‘ygan qadami, uning ilk qadami hisoblanadi. Bu dargoh murg‘ak qalblarga ilm eshiklarini ochuvchi, uni yuqori marralar tomon yеtaklovchi nurli maskan hisoblanadi. Nima sababdan hozirgi davrda maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish davr talabiga aylanmoqda, degan savol tug‘iladi, albatta. Chunki, bola tug‘ilgandan so‘ng yеtti yoshgacha bo‘lgan davr uning uchun eng muhim davrdan biri hisoblanadi. Bola bu davrda o‘z hayoti uchun kerakli bo‘lgan barcha ta’lim- tarbiyani olishi va u olgan ta’lim-tarbiyasi umr yo‘llarida hamroh bo‘lishi hammamizga ma’lum albatta. Bola maktabgacha ta’lim tashkilotiga borar ekan bola erkin fikrlashni, o‘zgalar bilan tez muloqotga kirishishni, o‘zida ta’lim - tarbiyaga oid bilimlarni, atrof muhitni, uni o‘rab turgan zaminning turfa xil ne’matlarini artofdagi predmetlar haqidagi to‘liq ma’lumotlarni, mashg‘ulotlar orqali kerakli bilimlarni oladi. Maktabgacha ta’lim tashkilotiga borgan bolaning ko‘zi yonib turadi. U hamma narsani yosh xususiyatlaridan kelib chiqib o‘rganishga, u narsa haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishga qiziqadi. Bolaning bu yosh davri shijoatga to‘la, doimo harakatda bo‘ladigan davri hisoblanadi.
Maktabgacha ta’lim bolaning sog‘lom, har tomonlama kamol topib shakllanishini ta’minlaydi, unda o‘qishga intilish hissini uyg‘otadi, uni muntazam ta’lim olishga tayyorlaydi hamda bola olti-yetti yoshga yеtguncha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va oilalarda amalga oshiriladi.
O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng, ta’lim va tarbiya tizimi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarildi. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va modernizatsiyalash davri sifatida tarixga muhrlanmoqda. Negaki, mamlakatimizda mazkur tizimni davlat siyosati darajasigacha ko‘tarilishi, hali hech bir davrda o‘z aksini topmagan. O‘zbekistonda uzluksiz ta’lim tizimining boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanmish maktabgacha ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor tahsinga loyiq. Biz shunday sharoitda zamonaviy, teran fikrlaydigan intellektual va madaniy-estetik qadriyatlarda o‘zining mukammal bilimi va tajribasi nuqtayi nazaridan yondasha oladigan barkamol avlodni tarbiyalashni bosh maqsadimiz deb bilar ekanmiz, buning mas’uliyatini astoydil his qilish bizning oldimizda turgan murakkab, o‘z o‘rnida sharafli vazifa ekanligini unutmasligimiz talab etiladi. O’tgan davr mobaynida mamlakatimizda o’sib borayotgan avlodni sog’lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, ta’lim-tarbiya jarayoniga samarali ta’lim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan maktabgacha ta’limning samarali tizimini tashkil etish bo’yicha keng ko’lamli ishlar amalga oshirildi. Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonini yanada oshirish va ular ko’rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo’ldi. Shu bilan birga, olib borilgan tahlil, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovini ta’minlash maktabgacha ta’lim tashkilotlarini zamonaviy o’quv-metodik materiallar va badiiy adabiyotlar bilan to’ldirish, sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarini jalb qilish masalalarini hal etish zarurligini ko’rsatmoqda. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimi bolalarni katta hayotga o‘rgatish, ularda jamiyatga moslashuvchanlik, guruhlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lish va o‘zining mustaqil o‘rni haqidagi ilk qarashlar barq urib boradigan maskan vazifasini o‘tamog‘i lozim hisoblanadi. Bugungi kunda tarbiyaning eng oliy maqsadi barkamol shaxsni shakllantirish va uni jamiyat uchun munosib voris qilib tayyorlab berishdir. Bunda ta’lim jarayonida yangi pedagogik talablar, yani pedagogik texnologiyalarni qo‘llashning samaradorligi, ulardan foydalanishga oid pedagogik talablar, ya’ni pedagogik tamoyillarni ishlab chiqishni hamda amaliyotga tatbiq etishni taqazo etadi. Amaliyotga tadqiq etilayotgan ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo`yiladigan davlat talablari va maktabgacha ta‘limtashkilotlarining davlat o`quv dasturi bu – ta’lim jarayoniga qo‘shilayotgan kichik yoshli bolalarning ilk qadamlaridir.
Umuman olganda, davlat talablarida kichik va maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarni besh yo‘nalishda rivojlantirish kerakligi ko‘rsatilgan. Bu besh yo‘nalishni rivojlantirib, bola 4 kompetensiyaga ega bo‘ladi, yani u 1-sinfga chiqishga motivatsiya oladi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. Bularning asosi ijtimoiy yondashuvdir, ya’ni diqqat markazda – bola va uning manfa’atlari yotadi. Pedagog ota-ona, pedagogik tarkib, bolaning o‘zi va albatta, jamiyat hamda davlat kabi ijtimoiy hamkorlar bilan bir ijtimoiy muhitni tashkil qiladi. Dastur asosida bilim olish jarayoni o‘yinlar orqali rivojlantirish yotadi.